Xatolik haqida xabar yuboring, biz albatta to'g'rilaymiz!

Xatoligi bor matn:
Yuborish

Zangiota tumani Axborot kutubxona markazi

Toshkent viloyatining Zangiota (avvalgi Kalinin) tumanida 1970 yilning sentyabr oyida madaniyat bo‘limi tasarrufida markaziy va bolalar kutubxonalari tashkil etilib, dastlab ularning jami kitob fondi 4000 dona bo‘lgan. 1980 yilga kelib ushbu kutubxonalar markazlashgan kutubxonalar tizimiga o‘tgan va tumanning qishloq fuqarolar yig‘inlarida uning filiallari tashkil etilgan. Jami markaziy va bolalar kutubxonasi hamda 24 ta filial kutubxonalari 2006 yilgacha tuman aholisiga xizmat ko‘rsatib, ma’naviy ozuqa ulashib kelgan.
2006 yilgi huqumat qarorlariga asosan, ushbu kutubxonalar ta’lim muassasalari tasarrufiga o‘tdi. O‘n uch yil mobaynida markaziy kutubxona tuman markazidagi avvalgi joyida saqlab qolinishiga erishilib, tuman aholisiga doimgidek xizmat ko‘rsatishni davom ettirgan. (Ko‘p joylarda bunday kutubxonalar yo‘q bo‘lib ketgandi). Ammo bu kutubxona tuman markazidagi dorixonaning omborxonasida, moslashgan tarzda faoliyat yuritar edi. Vaziyatdan, sharoitdan qat’iy nazar bu yerda faoliyat yuritgan, kasbiga sadoqatli bo‘lgan fidoiy kutubxonachilar tuman aholisi orasida kitobxonlikni va yangi chop etilgan kitoblarni targ‘ib qilishdan to‘xtamadilar. Shu o‘rinda
1980,1990-yillarda fidoiylik bilan xizmat qilgan, kutubxonaga rahbar bo‘lgan xodimlarni eslashni joiz deb bildik. Bular: Dilbar Jo‘rayeva, Azim Nishonov, Ra’no Voxidovalar(barchalarini Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin). Shuningdek Toshkent viloyati “Turon“ kutubxonasiga uzoq yillar rahbarlik qilgan Vazira Sobirovani ham ushbu kutubxonani rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kitob o‘qilishiga, kutubxonalarga qaratgan yuksak e’tiborlari sababli, 2019 yil 7 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi” 4354-sonli Qarori qabul qilindi.Bu Qaror Zangiota tumani aholisi va kutubxona xodimlari uchun muhim voqea bo‘ldi. Chunki, zangiotaliklar ma’naviyatli, yoshlari bilimga chanqoq, kitobsevar insonlardir. Yana bir quvonarli jihat shundan iboratki, 50 yillik tarixga ega, o‘sha saqlanib qolingan kutubxona o‘zining yigirma minglik kitob fondi bilan tumanda barpo etilgan muhtasham madaniyat saroyida axborot-kutubxona markazi sifatida axborot-bibliografiya xizmati, fondlarni to‘ldirish, saqlash va ularga ishlov berish xizmati, abonementlar va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati, aborot-kommunikasiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati shuningdek texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limilari asosida faoliyat yurita boshladi.
2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning to‘rtinchi tashabbusi “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan” Tashabbus tuman hokimidan tortib tumanning kutubxonachi va kitobxonlari uchun katta shodiyonaga aylandi. Shu o‘rinda Zangiota tumani hokimi A.U.Tamikayevning tuman yoshlarini kitobxonlikka jalb qilish, aholi o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bilan bog‘liq barcha tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlari, bu borada olib borilayotgan islohotlarning nechog‘li to‘g‘ri ekanligini qalbdan his qilishlari va buni amalda targ‘ib qilayotganliklarini alohida ta’kidlash joiz. Ilgari surilgan to‘rtinchi tashabbus doirasida 2019 yilning iyul oyida AKM tashabbusi bilan tuman miqyosida ikki marotaba "Bizni kitobxonlik birlashtiradi", "Komillik kitobxonlikdan boshlanadi" shiori ostida kitob marafoni, ijodkorlar bilan uchrashuv tarzda, kitob do‘konlari va nashriyotlar jalb qilingan holda o‘tkazilganligi, bu marafonda bosh homiy tuman hokimligi bo‘lganligi, turli tashkilot, korxona xamda tadbirkorlar faol ishtirok etganligi, natijada kitob fondi 3544 dona yangi chop etilgan badiiy adabiyotlar va 7 dona kompyuter jamlanmasi, 2dona 3/1 nusxa ko‘chirish apparati, 3 dona kondisioner, 80 dona yangi kitob javoni, 80 dona o‘quv zali uchun stol-stul, kabinet jihozi bilan axborot-kutubxona markazi boyitilishiga erishilganligi so‘zimizning isbotidir. Marafonda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, shoirlar Botirjon Ergashev, Rustam Mirvohid hamda xonanda Shuhrat Daryolar ishtirok etib, marafonga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdilar hamda o‘zlarining sara kitoblari bilan kutubxona fondini boyitdilar.
Aslida biz bugun bayon etayotgan kutubxona, tuman aholisi bilan el suygan, hurmat qozongan O‘zbekiston Qahramonlari, Xalq yozuvchi va shoirlari, akademik, olimlar, Zulfiya va Nihol mukofoti sovrindorlari, Xalq artistlari, sportchilari bilan muntazam uchrashib turadigan ko‘prik vazifasini bajarib kelgan. Bulardan: O‘zbekiston Qaxramonlari, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, O‘zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘zbekiston xalq artisti Zikir Muxammadjonov, O‘zbekiston xalq shoirlari Muxammad Yusuf, Anvar Obidjon, Sirojiddin Sayyid, Maxmud Toir, Usmon Azim, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Shukrullo, O‘tkir Xoshimov, Toxir Malik, Erkin A’zam, Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekison xalq artistlari Muxammadali Abduqunduzov, Tesha Mo‘minov, Gavhar Zokirova, Muqaddas Xoliqova, Zuhra Ashurova, Farrux Zokirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova, akademiklar Naim Karimov, Akmal Saidov, Abdulla A’zamov, Navoiyshunos olimlar Yusuf Tursunov, Bobomurod Eraliyev, adabiyotshunos olimlar Umarali Normatov, Abdurasul Gʻofurov, Ibrohim Gʻofurov, Muxabbat Sharofiddinova Bohodir Karim, Boburshunos olimlar Burobiya Rajabova, Botir Yo‘ldoshev, kompozitor Dilorom Omonullayeva, shoiralar Tursunoy Sodiqova, Kavsar Turdiyeva, Muxayyo To‘laganova, Muxayyo Mirsaidova, shoirlar Nodir Jonuzoq, Rustam Musurmon, Rustam Mirvohid, Ahtamquli, Nihol mukofoti sovrindorlari xonandalar Rayhon Gʻaniyeva, Ilyosbek Arabov, raqqosa Muhabbat Qurbonova hamda xonanda Shuhrat Daryolar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari Mohinur Jalolova, Chaman Jonuzoqova, Osiyo Jaylobovalar, ehhe, tuman kutubxonasida mehmon bo‘lib, kitobsevarlar, kitob shaydolari bilan uchrashganlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
2020 yil 22 yanvar kuni AKMning rasman ochilishi marosimi an’anaga sodiq qolgan holda kitob marofoni va ijodkorlar bilan uchrashuv tarzida o‘tkazildi. Marosimda senator, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova,“Turon” viloyat axborot-kutubxona markazining sobiq rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vazira Sabirova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar Botirjon Ergashev, Zohid Olov, shoiralar Adiba Umirova, S.Mehmonova, Ozarbayjon madaniyat markazi xodimi Kifoyatxonimlar tuman aholisi va yoshlari bilan uchrashdilar.
Ushbu o‘tkazilgan marofonda kutubxona fondi yana mingga yaqin yangi badiiy adabiyotlar bilan boyitilib, hozirgi kunda jami AKMning kitob fondi 32 mingdan ziyodni tashkil etadi. 2019 yil iyun oyiga qadar markaziy kutubxonadan 700 nafar kitobxon foydalangan bo‘lsa , Prezident qarori, hokimlik tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, shakllantirilgan yangi fond sababli axborot- kutubxona markazining kitobxonlari soni keskin oshib, hozirga kelib 4500 nafarga yetdi.
Axborot-kutubxona markazi negizida tuman axolisining barcha qatlamini qamrab olish, aholi orasida adabiy muhitni shakllantirish, ularda mutolaa madaniyatini o‘stirish va yoshlarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman markazidan olis 28 ta MFYda ko‘chma kutubxonalar tashkil etilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar maktabgacha ta’lim muassasasi, Maxsus avariya tiklash boshqarmasiga qarashli 15361-sonli harbiy qism, Samarqand zooveterenariya institutining Toshkent viloyat filiallari bilan hamkorlik shartnomasi asosida faoliyat olib borilmoqda. Bundan tashkari yuzdan ziyod qariyalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor hamda ko‘zi ojiz fuqarolarga AKM xodimlari tomonidan kitob elituvchilik xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Kitob shunday bir moʻjizakorki, ularni mutolaa qilgan sari kitobxonlar ma’naviy yetuklik cho‘qqisini zabt etadilar. Axborot-kutubxona markazida “Kitob-qalb quyoshi” nomli faol kitobxonlar klubi tashkil etilgan. Klub a’zolari adabiyotshunos olimlar, filologlar, tarixchilar hamda kitobsevar yoshlardan iborat bo‘lib, AKMning barcha ommaviy, yoshlarni kitob o‘qishga jalb etishga qaratilgan barcha tadbirlarda AKM xodimlariga yaqindan yordam berib kelmoqdalar.
2020 yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida ma’naviy –ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan vidioselektor yig‘ilishida, O‘zekiston Respublikasi Prezidenti Murojatnomasida va yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni ta’minlash, “Besh muhim tashabbus” doirasida tuman yoshlari o‘rtasida AKMga yoshlarni jalb qilish, yoshlarni intellyektual salohiyatini oshirish, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib yetishishiga alohida ahamiyat qaratilib, ular bilan ishlash bo‘yicha har oyda oylik rejalar tuzilib, umumta’lim maktablarida, mahallalar, tibbiyot muassasalarida, korxona va tashkilotlarda yangi chop etilgan badiiy adabiyotlarining taqdimotlari, davra suhbatlari, uchrashuv va xotira kechalari, intellyektual o‘yinlar o‘tkazildi. Ayniqsa “Akademik va yoshlar uchrashuvi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidovning axborot-kutubxona markaziga qilgan tashrifi va yoshlar bilan uchrashuvi aholi orasida katta taassurot uyg‘otdi. Shu kuni A.Saidov axborot-kutubxona markaziga 485 dona badiiy va huquqshunoslikka oid yangi adabiyotlar sovg‘a qildi.

AXBOROT-BIBLIOGRAFIYA XIZMATI

Ma’lumot - bibliografik apparati (katalog, kartoteka, axborot ma’lumot bazalarini ma’lumotnoma va bibliografik nashrlar fondi)ni shakllantiriadi.
Tuman hududida nashr etilgan milliy xujjatlarning, o‘lkashunoslik, bibliografik va • me’yoriy huquqiy xujjatlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantiradi.
Bibliografik qo‘llanmalar, muhim va unutilmas sanalar taqvimini, bibliografik ko‘rsatkichlar, yangi adabiyotlar axborot byulletenlari hamda adabiyotlar ro‘yxatini tuzadi, ularning sifati va samaradorligini oshirib boradi.
O‘lka va uning mashhur shaxslariga bag‘shlangan qo‘llanmalar tuzadi. Mazkur mavzularda yozma bibliografik sharx, eslatmalar, tavsiyaviy ro‘yxatlar va boshqalarni tuzish bilan birga foydalanuvchilar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib boradi.
Foydalanuvchilarning bibliografik axborotga bo‘lgan extiyojlarini tezkorlik bilan qondiradi.
Foydalanuvchilarning siyosiy , huquqiy bilim, huquqiy madaniyatini oshirish, vatanparvarlik ruxida tarbiyalashga qaratilgan adabiyotlarni targ‘ib etadi.
“Yangi adabiyotlar” tavsiyaviy ro‘yxatlarini tuzib foydalanuvchilarga yangi adabiyotlar to‘g‘risida axborot beradi.

FONDLARNI TO‘LDIRISH, SAQLASH VA ULARGA ISHLOV BERISH XIZMATI

Asosiy va kitobxonlarga mo‘ljallangan kataloglarni ma’lumot beradigan apparati sifatida tashkil etish. Zamonaviy va ilmiy amaliy talablariga javob beradigan kataloglarni tuzish.
Tuman axborot kutubxona markazi fondlari asosida jamlanma elektron katalog sifatida, yagona axborot tizimini tuzishni tashkil etishda qatnashish.
Tuman axborot-kutubxona markazida kataloglashtirish, sistemalash va elektron kataloglarni tashkil etishda qatnashish.
Kataloglashtirish va elektron kataloglarni tashkil etish masalalarini ilmiy uslubiy jixatdan boshqa uslubiy markazlari bilan hamkorlikda qatnashish.
AKM jamg‘armasiga o‘zbek, rus va boshqa tillarda olingan axborot va kutubxona xujjatlarini tasvirlash va sistemalashtirish.
Asosiy, kitobxonlar va elektron kataloglarni tuzish, ishini yuritish va tashkil qilish.
Axborot va kutubxona xujjatlariga texnik ishlov berish dubletlarni solishtirish va shifrlash.
Kataloglashtirish va kataloglarni tashkil qilish, sistemalash va elektron kataloglarni tuzish to‘g‘risida o‘qitishning turli usullaridan kurslar, seminarlarda o‘qitishdan foydalanib xodimlar kasb malakasini oshirish.
Kataloglardan foydalanish to‘g‘risida kataloglarni targ‘ibot qiladi, esdaliklar, plakatlar tayyorlaydi, konsultasiya va suhbatlar o‘tkazadi.
Xizmat xodimlari uchun lavozim bilan bog‘liq yo‘riqnomalar tayyorlaydi.
Kataloglashtirish va elektron kataloglarni tashkil etishda ilg‘or ish tajribalarini o‘rg‘anadi va ulardan foydalanishni amalga oshiradi.
Bo‘lim faoliyatining yillik ish rejasini va olib boriladigan ishlar to‘g‘risida yillik hisobot beradi.

ABONEMENTLAR VA FOYDALANUVCHILARGA XIZMAT KO‘RSATISH XIZMATI

Abonementlarga va kitobxonlarga na’munali xizmat ko‘rsatish.
Zamonaviy yuqori samarali axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda axborotlarni olish manbai, shakl va metodlarini tanlash imkoniyatini ta’minlash.
Yoshlarning intellektual, bilim, ma’naviy-axloqiy va madaniy ehtiyojlarini har tomonlama qondirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
Milliy madaniyatning tiklanishi va yanada rivojlanishiga hamda O‘zbekiston xalqlarining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosi saqlanishiga ko‘maklashish;
Qishloq aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan zamonaviy shakl va uslublarni joriy qilish;
Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini, shu jumladan kitob taqdimoti, kitob ko‘rgazmalari, davra suhbati, xotira kechasi, ijodiy uchrashuv, adabiy-musiqiy kechalar o‘tkazishni tizimli va samarali tashkil etish;

AXBOROT KOMMUNIKASIYA TEXNOLOGIYALARI VA RAQAMLASHTIRISH XIZMATI

Ish jarayonlarini avtomatlashtirish asosida markaz xizmatlari sifatini oshirish.
AKM faoliyatiga avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimining butunicha tadbiq etish va ishlab turishini, hamda AKM ning ishi, birgalikdagi harakati va uning foydalanish samaradorligi tahlilini ta’minlash.
Ma’lumotlar bazalarini jamlash, saqlash va olib borishni ratsional tashkil qilishini ta’minlash.
AKM xodimlarini kompyuter savodxonligiga o‘qitish, ma’lumot bazalaridan foydalanishvaishlashni o‘rganish.
Avtomatlashtirilgan kutubxona tizimini joriy qilish va ish jarayoniga tadbiq qilish masalalari bo‘yicha ilmiy-texnik axborot organlari, kutubxona va boshqa muassasalar bilan o‘zaro xarakat qiladi.
AKMning ijtimoiy tarmoqlardagi saxifalarini yuritish,
AKMda mavjud kitoblarni skaner qurilmasi orqali electron ko’rinishga o’tkazish, electron kitoblarning QR-cod ni yaratish ishlari bilan shug’ullanadi.

Bizning xamkorlarimiz

Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi
Turon Axborot-kutubxona markazi
Zangiota tuman Xokimligi
Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi
Oila va mahalla qo'llab quvvatlash markazi Zangiota tuman bo'limi
"Istiqbol" Zangiota tuman gazetasi
Adabiyot ziyosi gazetasi
Yoshlar ittifoqi Zangiota tuman bo'limi
Yoshlar ishlar agentligi Zangiota tuman bo'limi
Xalq ta'lim vazirligi Zangiota tuman bo'limi
O'zLiDEP partiyasi Toshkent viloyati Zangiota tuman bo'limi
"Kitob olami" kitoblar dokoni
"Sharq ziyokori" kitoblar dokoni
"UzDav Kitobsavdo" kitob dokoni
"G'ofur G'ulom" nashriyoti
"O'zbekiston" nashriyoti